SUD SOHASIDA MUHIM ISLOXOT
Sud-huquq islohotlari avvalambor fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatli taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash kabi eng ezgu gʻoyalarni koʻzlab amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 10-iyun kuni imzolangan “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflikni taʼminlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytiradi.
Farmonga muvofiq, Sudyalar oliy kengashiga Oliy sud bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvariga qadar tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan sudlarning yuqori malakali va masʼuliyatli kadrlar bilan taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Shunga ko`ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari — qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatmalarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqadi.
Shuningdek, tergov sudyalariga maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda. Buning natijasida jinoyat ishlari boʻyicha birinchi instansiya sudi sudyalari oʻrtasida ish hajmi mutanosibligi taʼminlanadi.
Jumladan, bu jinoyat ishlarini koʻrish jarayonida ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan toʻliq va xolisona tekshirib chiqish, sudlanuvchilarning barcha vajlarini tekshirish va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni batafsil koʻrib chiqishga mustahkam huquqiy zamin yaratadi.
Farmonga ko`ra, tergov sudyasi oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga boʻysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi.
Xulosa o`rnida shuni ta`kidlash lozimki, sud-huquq tizimidagi bu muhim oʻzgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirish hamda sudyalarning jinoyat ishlarini koʻrib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Yangi Namangan tuman
adliya bo`limi Yuridik xizmat
ko`rsatish bo`limi boshlig`i Melixanova Ma`rifat Qodirxonovna




