Mehnat ta`tili olish tartibi qanday?
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 45-moddasida Har kim dam olish huquqiga egaligi belgilangan.
Dam olish vaqtibu - xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli boʻlgan va bundan u oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanishi mumkin boʻlgan vaqtdir
Ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun ta’tillarning quyidagi turlari nazarda tutilgan:
-har yilgi mehnat ta’tili;
-ijtimoiy ta’tillar;
-ish haqi qisman saqlanadigan ta’til;
-ish haqi saqlanmaydigan ta’til.
Ish beruvchi:
-xodimlarga qonunchilikda kafolatlangan ta’tillar berishi;
-xodimlarga davomiyligi qonunchilikda kafolatlanganidan kam bo‘lmagan ta’tillar berilishini ta’minlashi;
-ta’tillar berish tartibiga rioya etishi;
-xodimlarga jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ta’tillar sohasidagi qo‘shimcha huquq va kafolatlarni berishi shart.
Har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir.
Barcha xodimlar, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega.
Har yilgi mehnat ta’tilining turlari quyidagilardan iborat:asosiy mehnat ta’tili:Har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil etadi.
Quyidagilarga yoshi va sog‘lig‘ining holati hisobga olingan holda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi:
-o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — o‘ttiz kalendar kun;
-I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga — o‘ttiz kalendar kun.
Har yilgi qo‘shimcha ta’tillar:
- Mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga;
-Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga; -Bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga;
-qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda beriladi. Xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun bo‘lgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi.
Xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi.
Har yilgi mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat ta’tillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi.
Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun ellik olti kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.
Xodimning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili unga qulay bo‘lgan vaqtda quyidagilarga berilishi kerak:
-ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin; bolani parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodimga ushbu ta’tildan oldin yoki keyin;
-o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bir yoki undan ortiq nafar bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolg‘iz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
-I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
-1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
-o‘n sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarga;
-ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotganlarga, agar ular o‘zining har yilgi mehnat ta’tilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtiga to‘g‘rilab olishni xohlasa;
-«O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga;
-jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda belgilangan hollarda boshqa xodimlarga.
Ishlaydigan erkaklarga har yilgi mehnat ta’tili ularning xohishiga ko‘ra xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi.
Mehnat ta`tiligi chiqich vaqti belgilangan jadvalda belgilangan har yilgi mehnat ta’tilini berish vaqti xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan o‘zgartirilishi mumkin.
Xodimlar quyidagi hollarda har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega:
-vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
-homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati boshlanganda;
-har yilgi mehnat ta’tili o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda;
-davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda, agar qonunchilikda bunday majburiyatlarni bajarish uchun ishdan ozod etish nazarda tutilgan bo‘lsa;
-jamoa kelishuvlarida yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak.
Ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga ko‘ra joriy yilda har yilgi mehnat ta’tilini to‘liq berish imkoni bo‘lmagan alohida hollarda xodimning roziligi bilan ta’tilning o‘n to‘rt kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin bo‘lib, ushbu yil davomida undan foydalanilishi shart.
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili qismlarga bo‘linishi mumkin.
Bunda ushbu ta’tilning hech bo‘lmaganda bir qismi o‘n to‘rt kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.
Xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili uchun ta’tilning eng kam davomiyligidan tashqari pulli kompensatsiya to‘lanishi mumkin.
Yangi Namangan tuman Adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig`i
Melixanova Ma`rifat Qodirxonovna




