Xalqaro xotin-qizlar kuni 8-mart bayrami munosabati bilan tumandagi barcha xotin-qizlarga tabrik

 

Assalomu alaykum muhtaram onaxonlar!

Aziz opa-singillar!

 

Avvalombor barchangizni uyg’onish, yangilanish, yosharish fasli—fasllar kelinchagi bo’lmish bahor ayyomi, xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan qizgin va samimiy tabriklashga ijozat bergaysizlar!

Erkin demokratik jamiyat Qurish yo’lidan ildam borayotgan mamlakatimizda  oilani mustahkamlashga  aloxida  e’tibor berilmoqda. Oila tinch, mustahkam va farovon bo’lsagina  jamiyatda barqarorlik vijudga keladi.

Mana shu hayotimiz tayanchi, suyanchi bo’lgan  oilani  chirog’i munis onaxonlarimiz, siz opa singillarimizdir. Inson borki, olamdagi barcha yaxshilik va ezguliklarni, hayot saboqlarini ona mehri tufayli o’zlashtiradi. Shuning uchun ham ayol deganda, ko’z oldimizda avvalo ulug’, tabarruk siymo gavdalanadi. Onani  Vatan kabi muqaddas, barchamiz unib-o’sgan qadimiy zamin kabi aziz va mu’tabardek qadrlaymiz. Hech shubha yo’qki, Qaysi jamiyatda xotin-qizlar e’zozlansa, o’sha jamiyat kuchli va qudratlidir.

Istiqlolning dastlabki kunlaridanoq opa-singillarimizni e’zozlash, oilani mustahkamlash, onalik va bolalik muhofazasi davlatimizning ustuvor siyosatiga aylandi. Ayniqsa, mamlakatimizni isloh qilish va modernizatsiyalash, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiiz farovonligini yanada yuksaltirish yo’lida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xotin-Qizlarning jamiyatdagi mavqeyini yanada yuksaltirish, ularni qo’llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Tumanimiz ahli qatori muhtaram opa-singillarimiz ham Respublikamiz Prezidenti va hukumatining otalarcha g’amxo’rliklariga javoban jamiyat hayotining barcha jabhalarida faol ishtirok etmoqdalar. O’zlarining aqli, bilimi va iste’dodi, mehnatsevarligi va shijoati bilan hayotning hal qiluvchi sohalarini tebratib - bu oila bekasi davlat va jamiyat boshqaruvi, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, ilm-fan taraqqiyoti fermerlik harakati va kasanachilik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bo’ladimi, ular shunday murakkab vazifalarni ham sidqidildan ado etib, umumyuksalishga munosib hissa qo’shmoqdalar. Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ayollarni ish bilan ta’minlash, mehnat va o’qish sharoitlarini yaxshilash bo’yicha  amalga oshirilayotgan ishlar o’zining ijobiy samaralarini bermoqda.

Ayniqsa, bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 13 apreldagi “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog’lom avlodni shakllantirishga doir  qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-1096-sonli hamda 2009 yil 1 iyuldagi “2009-2013 yillarda  aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, sog’lom bola tug’ilishi, jismoniy va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-1144-sonli qarorlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tumanda aholi reproduktiv salomatligini muhofazalash, voyaga yetmagan qizlarni turmushga bermaslik, onalar va bolalar sog’ligini himoyalash ishlarining ahvoli har oyda tahlil qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda. Tuman xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan tuman hokimligi, keng jamoatchilikning yordamiga tayangan holda ayollar sog’ligini muhofaza qilish bilan birga, ularni kasb-hunarga yo’naltirish, tadbirkorlikka jalb etish, turmush qurayotgan yosh kelin-kuyovlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish, ajralishlarning oldini olish, to’ylarni kamchiqim o’tkazish yuzasidan joylarda  targ’ibot-tashviqot tadbirlari olib borilmoqda.

Bugun biz qutlug’ bayram arafasida xonadonimiz ko’rki, yurtimiz bekasi, hayotimizning go’zalligini ko’z qorachig’idek asrab kelayotgan onalarimiz, opa-singillarimizdan hamisha qarzdormiz. Tumanimizda yashab, o’zining namunali uy bekasi, tadbirkor va oqila ona sifatidagi fazilatlari bilan barchaga namuna ko’rsatib kelayotgan opa-singillarimizga o’zimizning hurmat-ehtiromimizni bildiramiz. Tumanimiz shuhratini tanitishga erishgan, o’zining tashabbuskoru tadbirkor-ligi, jo’shqin mehnatlari bilan xalqimiz qalbidan munosib o’rin olgan keksa avlod vakillarini yodlab, ta’zim bajo qilamiz.

 

Yana bir bor, bayram munosabati bilan shu yerga jamlangan Siz azizlarni, Sizlar orqali tumanimizning barcha ayollarini  8-mart Xotin qizlar bayrami bilan chin dildan qutlayman.

 

E’tiboringiz uchun rahmat