Mustaqillik bayramining 24 yilligiga bag'ishlangan bayram tantanasidagi tabrik so'zi

 

 

 Assalomu alaykum muhtaram bayram tantanasi ishtirokchilari!

 

Bugun – mamlakatimizning xamma joyida bo’lgani kabi tumanimizda ham eng ulug’, eng aziz ayyom, unutilmas tarixiy sana  –  O’zbekistonimiz mustaqilligining yigirma to’rt yillik bayrami keng nishonlanmoqda.

Biz uchun eng buyuk va eng aziz bo’lgan ana shu qutlug’ bayram bilan siz azizlarni, sizlar orqali butun tumanimiz axlini chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysizlar!   

Bundan yigirma to’rt yil muqaddam xalqimizning bukilmas irodasi, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning bevosita rahbarligida asriy orzu-umidlarimiz ro’yobga chiqib, mustaqillikka erishdik. Shuni faxr va iftixor bilan aytish mumkinki, o’zbeklar yurti  o’z qadr-qimmati, milliy davlatchiligi, ma’naviyati, muqaddas qadriyatlari, tili va dinu-diyonatini qayta tiklab, yagona xalq, yagona millat bo’lib, jahon hamjamiyatida munosib obro’-e’tibor qozonishga erishdi.

O’zbekiston erishayotgan yutuq va marralar dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Xususan jahon iqtisodiy forumi  tomonidan e’lon qilingan reytingda keyingi uch yilda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar orasida mamlakatimiz beshinchi o’rinni egalladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko’magida AQSHning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan «Butunjahon baxt indeksi» da Vatanimiz 158 ta mamlakat o’rtasida 44-pog’onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi mamlakatlari orasida 1-o’rinni egallab turibdi.

Bugun ko’p millatli yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik, o’zaro mehr-oqibat, hamjihatlik va ahillik tufayli inson kadrini ulug’lash, uning manfaatlarini  ifoda etish va himoya qilishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar o’zining ijobiy  natijasini bermoqda.

Respublikamiz Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi davlat  mustaqilligining 24  yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish    to’g’risida»gi qarorida  «Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim - O’zbekistonim!» degan   ezgu   g’oyaning  ilgari   surilishi  xam qalblarimizni g’urur va iftixorga  to’ldirdi.

Biz  yana  shu  narsa bilan  faxrlanamizki,   O’zbekiston  bugungi kunda qudratli  davlatga aylanmoqda,   bizning   esa  shu  buyuk yurtning farzandlari sifatida  niyatlarimiz  pok, maqsadlarimiz ulug’dir, zero, shu aziz Vatan-barchamizniki !

Aziz hamyurtlar !

Butun mamlakatimizda bo’lgani kabi, viloyatimiz, tumanimizda xam tarixan qisqa davrda asrlarga tatigulik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.                                                                                                                              

Jahonda kechayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramasdan yurtimizda barcha sohalarda barqaror o’sish sur’atlari ta’minlanmoqda.

Yuksak maqsadlarni ko’zlab sidqidildan fidoiylik ko’rsatib mehnat qilayotgan tumanimiz mexnat axli ham mustaqillikning  yigirma to’rt yillik bayramiga munosib sovg’alar bilan keldilar.

Tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko’paytirish, qishloq xo’jaligi, qurilish va boshqa soxalarda muayyan yutuklarga erishilmoqda. Ayniqsa, g’allachilikda el-yurt oldida bergan va’damizning uddasidan chiqib,  yuzimiz yorug’ bo’ldi.  Endigi navbat  mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan yig’ib-terib  olib, davlat qabul punktlariga topshirish, Vatan oldidagi yana bir burchimizni sharaf bilan bajarishdan iboratdir.

Tumanda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan zamonaviy uy-joylar qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o’zgartirib yubordi. 2009-2014 yillarda 600 dan ortiq xonadonlar egalariga topshirilgan bo’lsa, 2015 yilda 140 ta barcha qulayliklarga ega kottej tipidagi uylar mustaqillik bayrami tuhfasi sifatida egalariga topshirilish rejalashtirilgan.

Bugun tuman faoliyat ko’rsatayotgan ko’plab sanoat korxonalari, ularda ishlab chiqarilayotgan jaxon andozalariga mos mahsulotlar xorijiy xaridorlariga ham maqbul bo’lmoqda. Jumladan, «Istiqlol dizayn» MCHJning ishlab chiqarayotgan kiyim-kechaklari hozirda duyonga bozorini egalladi.

Mana bugun mazkur korxona fidoiylarining qilgan mehnatlari Respublikamiz Prezidenti va xukumati tomonidan munosib taqdirlanganligining guvohi bo’lib turibmiz. O’zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 24 yilligi bayrami munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, tumanimizdagi “Istiqlol tekstil dizayn” korxonasi rahbari Baxtiyor G’anievich Umarov “Do’stlik” ordeni bilan  mukofotlanganligi haqidagi xush xabar barchamizning qalbimizni quvonchga to’ldirdi. Ushbu  bayram tantanalari davom etayotgan damlarda Baxtiyor Umarovni Davlatimizni yuksak mukofoti bilan qizg’in tabriklaymiz.

Shuningdek, mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyat ko’rsatayotgan Bog’ishamol QFYga qarashli Sherbuloq mahallasi xududida joylashgan «Merrimedfarm» qo’shma korxonasida 47 turdagi import o’rnini bosuvchi dori-darmon vositalari ishlab chiqarilmoqda. Yuqori Rovuston mahallasida kalava ipdan momiq sochiq ishlab chiqaradigan «Aysha xome tekstil» qo’shma korxonasi mahsulotlari, u yerdagi ishchi o’rinlari har qancha gapirsa oz.

Tumanda sanoat saloxiyatini oshirish davlat dasturi doirasi 123 ta ishlab chiqarish obe’ktlari foydalanishga topshirildi. Qo’shimcha 172 ta yangi ish o’rni yaratildi.  «Bunyod sanoat servis» MCHJda qop mahsulotlari ishlab chiqarish, «Nammator servis» MCHJda metallni qayta ishlash, «Yuksak manzil» MCHJda pishiq gisht   ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Joriy yilning 1-yarim yilligida 88 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sube’ktlari tashkil etilib, ularning soni 1217 taga yetdi. Kichik biznesning sanoatdagi ulushi 65.9 % dan 72.9 % ga o’sdi.

Kelgusida tumanni bundanda obodonlashtirish, iqtisodiyotini rivojlantirish, aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash uchun oldimizga juda katta maqsadlarni qo’yganmiz.

Aziz birodarlar!

Bizning  ona     Vatanimizda      mehnat   qilish shon-sharaf    ishiga    aylangan.   Chunki,      ana    shu       fidokorona        mehnatimiz  bilan       mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashga,      uning iqtisodiy, nijtimoiy salohiyatini rivojlantirishga, mudofaa qudratini, havfsizligini ta’minlashga, yosh avlodni har tomonlama komil inson qilib  tarbiyalashga o’z hissamizni qo’shgan bo’lamiz.

 

Aziz bayram ishtirokchilari!

 

Yana bir bor sizlarni va sizlar orqali barcha tuman ahlini mustaqillik bayrami bilan qizg’in tabriklayman. Oilangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, qut-baraka tilayman. Bayramingiz qutlug’ bo’lsin aziz yurtdoshlar.

 Buyuk va muqaddas Vatanimiz mangu gullab-yashnayversin!

Mustaqilligimiz - abadiy bo’lsin !

 

E’tiborlaringiz uchun rahmat!