«Navro’z» bayrami munosabati bilan tuman ahliga tabrigi

 

 

Assalomu alaykum, aziz hamyurtlar !

 

  Ayni kunlarda ona yurtimiz –O’zbekistonimiz zaminiga go’zal bahor nafasi bilan birga barchamiz orziqib kutgan Navro’zi olam kirib kelmoqda.

  Sizlarni yurtimizga kirib kelayotgan xalqimizning eng ko’hna, eng go’zal va tabarruk ayyomi, yangilanish, yosharish va  o’tmish bilan bugunni tutashtiruvchi qutlug’ bahor bayrami - Navro’zi olam munosabati bilan chin qalbimdan samimiy  tabriklayman.

  Bu bayram – sharqona taqvim bo’yicha inson qalbida ezgu intilishlarni uyg’otib, unga umid va ishonch, shukronalik tuyg’ularini bag’ishlaydigan, erkagu  ayol, ayniqsa yoshlarni Vatan ravnaqi yo’lida yuksak maqsad va bunyodkorlik ishlariga chorlaydigan eng ardoqli, hursandchilik bilan o’tkaziladigan, ko’ngillar obodligi bayramidir.

 Navro’z shukuhi, ko’klam ifori ufurib turgan bu dilbar faslda qalblarimiz pok niyatlarga to’lib, butun vujudimizda yangi kuch– g’ayrat jo’sh urganday bo’ladi. SHuning uchun ham insonlar bu mo’’tabar kunlarda tabiatdan bahra olib, yetkazganiga shukur qilib, sumalak va ko’klam ne’matlaridan tuzalgan dasturxonlar atrofida Navro’z quvonchini o’z yaqinlari, birodarlari bilan baham ko’rishga intilishadi. Keksalar, bemorlar, yetim-esirlar, ko’ngli yarimlarga beminnat yordamlar ko’rsatib, mehrga muhtoj insonlarni ziyorat qilib, ularning duolarini oladilar.

  Xar yilgi an’anaga ko’ra bu yil ham qishloq va maxallalarimizda bayram arafasida umumxalq xayriya hashari o’tkazilib,  barcha hududlarda keng ko’lamda obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

  Muxtaram Yurtboshimiz Islom Karimov «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» kitoblarida ta’kidlaganlaridek, «Yangilanish va ezgulik timsoli bo’lgan  Navro’z falsafasi xalqimizga mansub odamiylik, mexr-oqibat, muruvvat va ximmat kabi yuksak xususiyatlardan oziklanib kelgani, ajdodlarimiz asrlar davomida qanday buyuk umuminsoniy g’oyalardan baxramand bo’lib, ma’naviy kamol topganining yana bir tasdig’idir».

   Bugun tumanimizdagi «Ettibulok» madaniyat va istiroxat bog’ida o’tkazilgan katta bayram sayili va tadbirlar bunga yaqqol misol bo’la oladi, deb o’ylayman.

   Biz bu yil Navro’zimizni yanada qutlug’, barakali kelishidan  umidvormiz.

   Zotan, Navro’z hayotimizning barcha jabhalarida, iqtisodiyotimizning barcha soha va tarmoqlarida  yangilanish, o’sish va yuksalish ayyomidir.

   Bu yilgi Navro’zda ham  bunyodkorlik va sahovatli ishlarimiz yanada rivoj topadi, yutuqlarimiz mustahkamlanadi, Navro’z tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy kamolotimizni  boyitishda  muhim bosqich bo’ladi deb ishonaman!

   Tinchlik va totuvlik — Navro’z falsafasining ulug’ qadriyatlaridan biri ekan, biz doimo uning qadriga yetishimiz, gina-kuduratlarni unutib, sharq taqvimi bo’yicha kirib kelayotgan yangi yilni zo’r shodu-xurramlik, qalb pokizaligi bilan kutib olishimiz lozim.  

 

Aziz hamyurtlar !

   Bunday fayzli kunlarda qilingan ezgu niyatlar albatta ijobat bo’ladi.

   Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, shu aziz va muqaddas Vatanimiz taraqqiyoti bundan-da bardavom bo’lsin va gullab–yashnayversin!

   Fursatdan foydalanib, bugungi bayram tadbirimizga fayz berib o’tirgan muhtaram tantanali bayram tadbiri ishtirokchilariga, Sizlar orqali barcha tumanimiz axliga o’zimning chuqur hurmatim va samimiy tilaklarimni  bildiraman.

   Mana shunday xursandchilik bilan boshlanayotgan yangi yilimiz yurtimizga, xonadonlarimizga fayzu baraka, baxtu saodat, obodlik va farovonlik olib kelsin.

 

   Muhtaram yurtboshimiz tilaganlaridek, “Har kunimiz Navro’z bo’lsin!”  

 

   Navro’zi olam barchamizga muborak bo’lsin!

 

 

      E’tiborlaringiz uchun rahmat  !