Namangan tumanining 2016 yilgi mahalliy byudjeti parametrlari to’g’risida

 

04.01.2016 yil                                                                                                                                   Toshbuloq shaharchasi

 

        O’zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2013 y., 52-I-son) 28, 99-moddalari, “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining (O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 y., 9-son, 320-modda) 25-moddasi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 22 dekabrdagi “O’zbekiston Respublikasining 2016 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to’g’risida”gi PQ–2455-sonli qarori, viloyat hokimining 2015 yil 28 dekabrdagi 393-sonli hamda xalq deputatlari Namangan tuman Kengashining 2015 yil 29 dekabrdagi 05/11-36-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida,

Q A R O R  Q I L A M A N :

1. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 22 dekabrdagi “O’zbekiston Respublikasining 2016 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to’g’risida”gi PQ–2455-sonli va viloyat hokimining 2015 yil 28 dekabrdagi 393-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.

2. 2016 yilga mo’ljallangan tuman mahalliy byudjetining:

daromadlar qismi soliq tushumlari hamda maqsadli subventsiyalar bilan birga jami 87 mlrd. 038 mln. 501 ming so’m miqdorida 1-ilovaga muvofiq;

xarajatlar qismi sohalar bo’yicha jami 87 mlrd. 038 mln. 501 ming so’m miqdorida 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Namangan viloyat hokimining 2015 yil 28 dekabrdagi “Namangan viloyatining 2016 yilgi mahalliy byudjeti parametrlari to’g’risida”gi 393-sonli qarorining tuman byudjetiga davlat daromadlari va soliqlaridan ajratmalar me’yori, tuman mahalliy byudjetining aylanma kassa mablag’larining eng kam me’yori tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

4. Tuman hokimligining moliya bo’limi (O.Abdullaev)ga mahalliy byudjetga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning to’liq tushishidan, shuningdek mahalliy byudjetning birinchi navbatdagi xarajatlarini (ish haqi, ish haqidan ajratmalar, nafaqalar va ularga tenglashtirilgan to’lovlarni) mablag’ bilan taьminlash zarurligidan kelib chiqqan holda aniqlashtirish huquqi berilsin.

5. Tuman hokimligining moliya bo’limi (O.Abdullaev)ga byudjet qonunchiligida belgilangan muddatlarda 2016 yilgi mahalliy byudjet parametrlarini tegishli byudjet tashkilotlariga, shuningdek umumdavlat soliqlaridan tuman mahalliy byudjetiga 2016 yil uchun ajratmalar miqdorlarini OATB “Agrobank” tuman filialiga yetkazsin.

6. Tuman davlat soliq inspektsiyasi (Sh.Axmedov)ga tuman mahalliy byudjetga belgilangan soliq va tushumlarni yil davomida muntazam ravishda bir maromda undirilishini ta’minlash hamda tuman bo’yicha mavjud boqimanda qarzlarni keskin kamaytirish borasida aniq tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

7. OATB “Argobank” tuman filiali (A.Xolboev) davlat daromadlaridan tuman mahalliy byudjetga tasdiqlangan ajratmalarni qonunchilikda belgilangan tartibda o’z vaqtida o’tkazilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

8. Tuman hokimining o’rinbosari R.Rasulovga:

davlat soliq inspektsiyasi, moliya va tegishli bank idoralarining barcha imkoniyatlarini byudjetning daromadlar qismi prognoz ko’rsatkichlarining barcha manbaalar bo’yicha to’liq bajarilishini ta’minlashga safarbar qilish;

mahalliy byudjetning xarajatlar qismini sifatli ijro etilishi hamda byudjet mablag’larining maqsadli sarflanishini qattiq nazorat qilish, bunda O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining byudjet ijrosiga oid qarorlari va farmoyishlari talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash vazifalari topshirilsin.

9. Tuman hokimligining moliya bo’limi (O.Abdullaev) va tuman davlat soliq inspektsiyasi (Sh.Axmedov)ga mazkur qarorning bajarilishi to’g’risida tuman hokimligiga 2016 yil davomida har chorakda va 2017 yilning yanvarь oyida yil yakuni bo’yicha axborot berib borish vazifasi topshirilsin.

10. Mazkur qaror xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi tasdig’iga kiritilsin.

11. Ushbu qaror “Istiqlol” gazetasida rasman e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining o’rinbosari R.Rasulov zimmasiga yuklansin.

 

 

Tuman hokimi:                                                                                                  Sh.Abdurazaqov