Tumandagi dafn etish joylarini saqlash qoidalarini tasdiqlash to’g’risida

 

       O’zbekiston Respublikasining “Dafn etish va dafn ishi to’g’risida”gi Qonuni, (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2010 y.,  52-son, 508-modda) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining   2011 yil  4 apreldagi “Dafn etish va dafn ishi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi   101-sonli Qarori  (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2011 y., 14-son, 138-modda) hamda viloyat hokimining 2011 yil 5 iyuldagi 430-sonli qaroriga asosan tuman hududidagi dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirish ishlari tashkil etilishini ta’minlash  maqsadida,        

 

Q A R O R    Q I L A M A N: 

1. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati Markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Tumandagi dafn etish joylarini saqlash qoidalari” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Tuman hokimining birinchi o’rinbosari (X.O’rinov),  “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo’limi (A.Qoxorov), tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (M.Muxiddinov), fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda tumandagi qabristonlarni zarur darajada saqlash va obodonlashtirish hamda  hasharlar, xotirlash kunlari va boshqa tadbirlarni tashkil etib borsinlar.

3. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi (M.Muxiddinov) va qabristonlarning ma’muriyati:

xizmatlar uchun viloyat hokimi tomonidan belgilab beriladigan tariflarga qat’iy muvofiq hisob-kitob qilgan holda fuqarolarning qabristonda ko’rsatiladigan xizmatlarga doir buyurtmalarini o’z vaqtida va sifatli bajarsinlar;

tumandagi qabristonlarning hududida “Tumandagi dafn etish joylarini saqlash qoidalari”ga hamda boshqa qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlasinlar va amalga oshirilgan ishlar hamda qoidalar talablariga rioya etilishining ahvoli yuzasidan har chorakda tuman hokimligiga axborot taqdim etib borsinlar.

4. Tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo’limi (A.To’ychiev), tuman arxitektura va qurilish bo’limi (B.Qo’chqarov), tuman Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi (N.Olimov) va tuman tabiatni muhofaza qilish inspektsiyasi (S.Shamsiddinov)ga:

qabristonlar tashkil etish uchun yer uchastkasi tanlashni shaharsozlik hujjatlari, gidrogeologik tavsiflar, joy relьefining xususiyatlari, tuproq tarkibi, atrof tabiiy muhitga eng ko’p yo’l qo’yiladigan ekologik yuklamalarni hisobga olgan holda aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalariga, shuningdek sanitariya me’yorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshirish;

qabristonlarning xizmat ko’rsatish davri muddatlariga rioya etilishini ta’minlash hamda ishlab turgan va loyihalashtirilayotgan qabristonlarning sanitariya-himoyalash zonasi hududida biror-bir turar joy va jamoat binolarini qurish yoki dafn etish uchun ajratilgan yer uchastkalaridan noo’rin foydalanilishining oldini olish hamda ularga yo’l qo’ymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilsin.

5. Mazkur qaror “Istiqlol” gazetasida e’lon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.

6. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni tuman hokimining birinchi o’rinbosari  X.O’rinov zimmasiga yuklatilsin. 

 

 

Tuman hokimi:                                                                                     J.Yuldashev