Ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarini 2016 yil uchun band qilib qo’yish to’g’risida

 

      O’zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida”gi Qonunining (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998 y., 5-6-son, 97-modda) 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida”gi Qonunining (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2008 y., 29-30-son, 277-modda) 25-moddasi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarini band qilib qo’yish tartibi to’g’risida”gi Nizomga (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2008 y., 34-son, 333-modda) asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanda 2016 yil uchun ish o’rinlarini band qilib qo’yish maqsadida, O’zbekiston Respublikasi “Mahalliy Davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonunining 25-moddasiga asosan,

Q A R O R   Q I L A M A N :

 

1. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash bo’yicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq, 2016 yilda mazkur toifadagi shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxonalar va tashkilotlar ro’yxati 2-ilovaga asosan tasdiqlansin.

2-ilovaga muvofiq xodimlarning ro’yxat bo’yicha o’rtacha sonidan 281 nafarini tashkil etadigan 6,9 foiz miqdorida, shu jumladan:

‎‎o’n to’rt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari bo’lgan yolg’iz ota, yolg’iz ona va ko’p bolali ota-onalar uchun 0,8 foiz (34 kishi); ‎

‎‎ta’lim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 2,6 foiz (106 kishi); ‎‎‎‎

muddatli harbiy xizmatdan bo’shatilganlar uchun 0,1 foiz (4 kishi);

‎‎‎nogironlar uchun 2,9 foiz (118 nafar yuqorida ko’rsatilgan ish o’rinlariga tumanda 3-guruh nogironlari ishga joylashish bo’yicha talab 14 ta bo’lganligi sababli kelgusida 104 ta ish o’rinni bitiruvchilar uchun band etib qo’yilsin);

tuman Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 0,2 foiz (8 kishi);‎‎‎

‎‎‎‎jazoni o’tash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni o’tayotgan yoki sud qaroriga ko’ra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar ko’rilgan shaxslar uchun 0,2 foiz (8 kishi);‎

‎‎‎‎ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari, shu jumladan odam savdosidan jabrlanganlar uchun 0,1 foiz (3 kishi) miqdorida ish o’rinlari zahirasini belgilaydi.

2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish o’rinlari xodimlar tomonidan o’zlarining mehnat majburiyatlarini to’siqlarsiz bajarishini ta’minlaydigan sanitariya-gigiena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq bo’lishi kerak, shu jumladan:

yolg’iz ota, yolg’iz ona va 14 yoshgacha bo’lgan nogiron bolalari bor ko’p bolali ota-onalar uchun – bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari bo’yicha vazifalarni uyg’unlashtirish imkonini beradigan, o’zgaruvchan ish jadvaliga ega bo’lgan ish o’rinlari;

ta’lim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun – ularning kasb bo’yicha tayyorgarligiga muvofiq bo’lgan ish o’rinlari;

muddatli harbiy xizmatdan bo’shatilgan shaxslar uchun – ularning kasb bo’yicha tayyorgarligiga muvofiq bo’lgan ish o’rinlari;

nogironlar uchun – mehnat sharoitlari bo’yicha attestatsiyadan o’tkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini to’sqinliksiz bajarish imkonini (sog’lig’ining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid ko’rsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish o’rinlari;

tuman Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun – maxsus malakani talab qilmaydigan ish o’rinlari;

jazoni o’tash muassasalaridan bo’shatilgan, jazoni o’tayotgan yoki sud qaroriga ko’ra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar ko’rilgan shaxslar, odam savdosidan jabrlanganlar uchun – ularning kasb bo’yicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish o’rinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega bo’lmagan shaxslar uchun esa – maxsus malakani talab qilmaydigan ish o’rinlari.

3. Ish o’rinlari band qilib qo’yiladigan kasblar va lavozimlar:

muhandislar, iqtisodchilar, hisobchi, hisobchi-taftishchi, huquqshunos, zootexnik, agronom, shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim, ish yurituvchi, o’qituvchi, tarozibon, elektr va avtoaravacha haydovchisi, tashuvchi, farrosh, o’tyoqar, obodonlashtirish ishchisi, omborchi, EHM operatori, yukchi, ishchi, bog’bon, qorovul.

4. Tumandagi mavjud korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlariga:

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 20 avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarini band qilib qo’yish tartibi to’g’risida”gi Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ko’rsatilgan ish o’rinlari tashkil etilishini ta’minlash;

yil boshlangunga qadar o’n kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qo’yilgan ish o’rinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi hajmida ish o’rinlari band qilib qo’yilishini va tayyor bo’lishini ta’minlasin, ushbu to’g’risida tuman Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yil boshlangunga qadar axborot berilsin;

ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish o’rinlarining qolgan qismini band qilib qo’yish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendarь yilning birinchi choragi mobaynida ta’minlasin, bu to’g’rida tuman Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga birinchi chorak tugagandan keyin o’n kundan kechikmay axborot berish;

tashkilotlar har chorakda tuman Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yuqorida ko’rsatilgan toifadagi shaxslarning ishga joylashtirilishi to’g’risida ushbu nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo’yicha axborot taqdim etishi;

band qilib qo’yilgan ish o’rinlarining belgilangan soni hisobiga ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarining tayyorligi to’g’risidagi axborotni tashkilot tomonidan taqdim etilmaganligiga ham va amalda ularning tayyor emasligiga ham mehnat organi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organi qarorining bajarilmaganligi sifatida qarashi lozimligi qayd etilsin.

5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarini band qilib qo’yish tartibi to’g’risida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.

6. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qo’yiladigan ish o’rinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish o’rinlarini tashkil etishga sarflangan mablag’larning bir qismini Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamg’armasi mablag’lari hisobidan qoplash huquqiga egadir.

7. Tuman Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (D.Mirzaboev) bir hafta muddatda ushbu qarorni 1-bandida ko’rsatilgan tashkilot rahbarlari e’tiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlasin.

8. Ushbu qaror “Istiqlol” gazetasida rasmiy e’lon qilinsin.

9. Mazkur qaror 2016 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kirgani belgilab qo’yilsin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining o’rinbosari R.Rasulov zimmasiga yuklatilsin.

 

 

Tuman hokimi                                                                   J.Yuldashev